Архитектура и проектирование в Узбекистане www.sds.uz
Сухие строительные смеси edemix.uz

Mashinalar inqilobi

2050 yil. Har tarafda robotlar, shaharlar huvillagan, odamlar skafandrga o’ralgandek hech narsani bilishni istashmaydi, bilish esa taqiqlangan. Borliqni nazorat qilish zohiriy ong izmida. Kinematograflarning bunday fantaziyasi haqiqatga qanchalik yaqin? Bu haqda futurologlar assotsiatsiyasi a’zosi Tatyana Ivanovnaning fikrlari bilan o’rtoqlashamiz.

Mashinalar INQILOBI

- bu allaqachon boshlangan. 2050 yilda bizni raqamli abadiyat kutmoqda

Tatyana Ivanova – sotsiolog, Moskva Iqtisodiyot Instituti direktor o’rinbosari, yetakchi bank va energetika kompaniyalarining maslahatchisi, Kelajakni o’rganish xalqaro akademiyasi a’zosi, Futurologlar assotsiatsiyasi a’zosi.

Ko’plab sohalarning avtomatlashuvi, ijtimoiy tarmoqlarning hayotimizga shiddat bilan kirib kelib, hatto his-tuyg’ularimizni boshqarayotgani haqida ko’p gapirilmoqda. Mashinalar insoniyat taqdirini butunlay qo’lga olishini ham taxmin qilishmoqda. Aslida vaziyat qanday? Nimalar sodir bo’lmoqda?
Hali insoniyat taqdirini boshqarishga qodir zohiriy ong haqida gapirishga erta. Lekin shaxsiy hayotimizda mashinalarning rolini allaqachon ko’rib turibmiz. Ular yangidan yangi gadjetlar, yangi texnologiyalar bilan tobora bizni o’ziga rom qilib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda virtual hayot kechirish odamlar orasida urf bo’lib qoldi. Odamlar do’stlari va tashqi olam bilan aloqa o’rnatish va uni mustahkamlash maqsadida shunday qiladilar. Aslida esa aloqalar qanchalik zaiflashib borayotganini payqamaydilar ham. Facebook, Odnoklassniki yoki Twetterda Avatar filmi qahramonlari kabi o’zimizni xohlagan ko’rinishda yaratamiz. Bu illuziyani o’zgartirish hayotdagidan bir muncha oson. Undan ixtiyoriy lahzada voz kechish mumkin. Biri yoqmadi-mi boshqasiga o’tib ketaverasan. Mana shunday qilib yangi illuziya hosil bo’ladi va biz illuziyalar olamida yashay boshlaymiz. Biz har doim kimlar bilandir telefonda, xat orqali yoki ijtimoiy tarmoqlarda suhbatlashamiz, lekin tug’ilgan kunga taklif etishga kelganda esa hech kim yo’q.

Sizningcha tarmoqlardagi avtoportretlar hammasi bir qolipga solingandek emasmi? Hamma rangli gullar, go’zal manzaralar oldida rasmga tushgan, hayvonlarni yaxshi ko’radi, bir-birlariga izoh berishadi va teglar qoldirishadi.
Ijtimoiy tarmoqlarning asl maqsadi ham shunda. Bu soddalik munosabatlardagi hilma-hillikni yo’qotmoqda. Haqqoniy munosabatlarda bularning bari bir qancha kengroq. Biz bahaybat itni yaxshi ko‘ramiz-u kichkina laychani yoqtirmasligimiz mumkin. Ularning ikkalasi ham it. Insonlarni ham hammasini yoqtiravermaymiz-ku. Insonning ko’zlariga qaraganingda uning ichki kechinmalarini tushunasan, virtual muloqotda esa har doim qolipdagi obrazni ko’ramiz. Biz do’stlarimizni gullar yoki  mushukchalar bilan ko’p ko’rganmiz. Bu yaxshi, lekin jonli muloqot butunlay boshqa gap. Siz uchun ham, suhbatdoshingiz uchun ham. Agar biz buni tarmoq bilan almashtiradigan bo’lsak inson ko’zidan uning holatini o’qish, kayfiyatini sezish, qulay muloqot fursatini tanlash, o’zaro ziddiyatlarni bartaraf etish kabi insoniy xislatlarni yo’qotib boramiz. Odamlar odamlar  uchun yashaydilar. Texnologiyalar esa bizni boshqa virtual olamga yetaklamoqda.

Agar virtual olam rivojlanishi shu tarzda davom etsa 50 yildan keyin hayotni qanday tasavvur qilasiz?
Futurologiya bu kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan urflar va kelajak variantlarini o’rganuvchi fan. Yarim asr kelajak haqida taxmin qilish qiyin. Ilmiy asoslangan taxminlar 20 yilliklarni ko’zda tutadi. Balki biz Matritsa filmidagidek divanda yotib barcha faoliyatimizni virtual borliqda bajararmiz. Texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin hidni sezish, og’riq yoki rohatlanishni his qilishiga ishonmayman. Balki fikrimning aksi ham bo’lishi mumkin. Ijtimoiy tendensiyalarning o’zgarishi ko’p omillarga bog’liq. Tabiiy resurslarni yildan yilga kamayib borayotganini eslaydigan bo’lsak, 20 yildan keyin non uchun bug’doyni peshona terimiz bilan sug’orishimiz ham mumkin.

Shu davr oralig‘ida yana boshqa variant bo’lishi mumkinmi?
O’ylashimcha ekologik toza va kam chiqimli hayot tarziga o’tish yuz beradi. Taxminlar yanada ko’proq vazifalarni mashinalarga o’tishiga ishora qilmoqda. Masalan yo’llarda tirbandlik bo’lmasin uchun avtomobillar bir biri bilan qanday va qaysi yo’ldan yurishni kelishishlari yoki bugun nima iste’mol qilishimizni muzlatgich hal qilishi mumkin.

Insoniyat shunga yo’l qo’yib beradimi?
Biz allaqachon yo’l qo’yib bermoqdamiz. Ilm fanni mashinalarga yuklash shiddat bilan amalga oshirilmoqda. Gap qo’l mehnatida emas, gap o’zimizning imkoniyatlarimizda. Mana siz bilan biz oxirgi marta qachon ruchkada yozganimizni eslay olmaymiz ham. Qo’l bu miyaning davomi ekanligini unutib yuborganmiz. Xat yozish san’ati allaqachon unut bo’lgan. Biz san’atning kichik bir bo’lagini yo’qotib bo’ldik. Angliya va Xitoyda o’tkazilgan tajribalar shuni ko’rsatdiki kompyuterda ko’p ishlagan odamda qaror qabul qilish, tahlil qilish qobiliyatlari yo’qolib boradi. Oddiy savolning javobini ham Googledan izlashga odatlanib ulgurdik.

Shu darajada deb o’ylaysizmi…
Mana sizga misol. Bir kun uyimga qaldirg’och kirib qoldi va oynadan chiqib ketishga urina boshladi. Shu payt qandaydir masalada bir talabam qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Men hayajonimni bosolmay undan qanday qilib qushchani tutishni so’radim. Talabam bir oz o’ylanib qoldi, keyin bir nimani eslagandek, xursand bo’lib ketdi va “qidiruv tizimiga qaldirg’ochni qanday tutish mumkin deb yozib ko’ring” dedi. Mana sizga odamlarning muammoga javobi. Biz chindan ham tahlil qilishni unutib qo’ymoqdamiz. Internet, televideniye, gazeta-jurnallar orqali to’xtovsiz mutlaqo keraksiz bo’lgan axborotni olmoqdamiz. Go’yoki bu bilan hamma narsani biladigandekmiz. Aslida esa hech narsani bilmaymiz.

Aytmoqchisizki insonlarda ong allaqachon o’zgarganmi?
Ha, hozircha yengil ko’rinishda. Lekin hali texnologiyalar davriga ko’p bo’lgani yo’q. O’zgarishlar juda qisqa yillar davomida bo’lib o’tmoqda. O’n yil avval kompyuter oddiy ish quroli edi. Hayotning barcha sohalarini egallashi hech kimning tasavvuriga sig’mas edi. Hozir esa turli gadjetlardan hech qachon voz kecha olmasligimizni anglamoqdamiz. Axir shunchaki noutbuk, planshetlarimizni axlatga tashlab yubora olmaymiz, ijtimoiy tarmoqlarda yuzlab hamkasblarimizni bir kunda yo’qota olmaymiz-ku. Kompyuter va mobil texnologiyalarning inson bilan hamohangligi ortgan sari chiplar yoki tatuirovka ko’rinishidagi qurilmalar yaratiladi. Insonlar kunda 24 soat butun dunyo bilan aloqada bo’ladilar.

Bunday gadjetlar qachon yaratilishi mumkin?
Yaqin o’n-o’n besh yilda. 30 yoshdan katta aholi o’zida qandaydir tabiiylikni saqlab qolishlari mumkin, agar xohlasalar albatta. Lekin yoshlar bunga ommaviy berilishlari tabiiy. Nega endi tanaga telefon, navigator, kredit kartalar, hujjatlar, ijtimoiy tarmoqlar, soat yoki Instagram o’rnatilmasin. Axir bu juda qulay-ku. Men insonlar kiborgga aylanib qoladi degan fikrdan yiroqman, bizda hali insoniy tuyg’ular ko’p. Lekin ishlab chiqaruvchilar uchun bu yangi mahsulot. Va bu mahsulotning bozori chaqqon bo’ladi. Bu qurilmalar hozirgi qo’l telefonlari kabi ommalashgan sari ulardan foydalanish kundalik ehtiyojga aylanib boradi. Hali bu hammasi emas. 2045-2050 yillarga kelib inson ongini raqamli, o’lmas nusxasini yaratish keng muhokama qilinadi.

Ya’ni inson ongini chiplarga o’tkazishi mumkin, shundaymi?
Ha aynan shunday. Shu yo’l bilan ong abadiy yashashi mumkin. Qolaversa ongni yangi yoshroq tanaga o’tkazish yo’li bilan jismonan abadiylikka ham erishish mumkin.

Juda qiziq…
Men unday fikrda emasman. Hamma o’zida shunday texnologiyalarni sinab ko’rishga harakat qiladi. Lekin sifatli tanalar hammaga ham yetmaydi. Bu hozirgi kosmik sayohatga o’xshaydi. Bunga hammaning ham qurbi yetavermaydi.

Bunday istiqbolli rivojlanish sizga yoqmaydimi?
Aslo yo’q! Falsafiy jihatdan bu allaqachon isbotlangan. Bir insonning abadiy yashashi butun insoniyatning zavol topishi demakdir. Insoniyat qayta tug’ilish bilan yangilanib boradi. Hayot oxiri bilan qiziq. Agar hayotni abadiy davom ettiradigan bo’lsak juda ko’p maqsadlar, taassurotlar yarim yo’lda o’z mazmunini yo’qotadi. Yer yuzida odamlar ko’payib ketishini gapirmasam ham bo’ladi.

Abadiy yashashga qarshi ekansiz, kelajak ixtirolaridan nimani foydali deb bilasiz?
Hayotni uzaytirishni. O’rtacha umrini 120 yilga uzaytirish bugungi kunda insoniyat oldidagi maqsadlardan biri va yaqin 10 yillarda bunga erishamiz. Undan keyin esa bu ko‘rsatkichni 150 yilga yetkazish ustida bosh qotirish boshlanadi.

120 yil. Hamma gap uni qanday o’tkazishda …
Albatta! Gap qarib, holdan toyguncha yashashda emas. 120 yil yosh va baquvvat tanada umr kechirish haqida bormoqda.  Insonlarning qarishi bir qancha biologik faktorlarga bog’liq. Bular kelajakda tibbiyot yordamida batamom tabiiy tarzda bartaraf etiladi. Inson bilan bog’liq o’zgarishlar yangi texnologiyalar rivojining bosh maqsadi bo’lar ekan, tibbiyot, genetika, inson tanasini takomillashtirish va inson omillarini boshqarish sohalarida rivojlanish kuzatiladi. Tibbiyot olimlarining ta’kidlashlaricha 2000 yildayoq Yevropada 150 yil umr ko’ra oladigan bolalar dunyoga kelgan.

Biz ularga faqat omad tilab qolamiz!

Samsung Galaxy Premium Club galaxyclub.uz

Яндекс.Метрика